Dunyoga mashhur o‘yinchoqlar ishlab chiqaruvchi LEGO kompaniyasi Yevropadagi to‘rtinchi zavodini Portugaliyada qurishni rejalashtirmoqda. Daniya kompaniyasi yangi loyihani amalga oshirish uchun 1 milliard yevro sarmoya kiritadi.
Zavod Portugaliyaning Estarrexa shahrida quriladi. Kelgusi yilda qurilish ishlari boshlanishi, ishlab chiqarish majmuasini 2030 yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Loyiha doirasida zamonaviy avtomatlashtirilgan texnologiyalar bilan jihozlangan korxona tashkil etilib, mingdan ortiq kishi ish bilan ta’minlanadi.
Yangi ishlab chiqarish majmuasi 60 gektar maydonni egallaydi. Yopiq ishlab chiqarish va boshqa ob'ektlarning umumiy maydoni 115 ming kvadrat metrni tashkil qiladi. Korxonada ishlab chiqarilayotgan o‘yinchoqlar Yevropa, Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlari bozorlariga yetkazib beriladi.
Hozirgi vaqtda LEGO ishlab chiqarish korxonalari Evropada Daniya, Vengriya va Chexiyada ishlaydi. Portugaliyada quriladigan yangi zavod korxonaning mintaqadagi ishlab chiqarish quvvatini yanada oshiradi.
Alohida qismlardan yig'ilgan LEGO konstruktsiyalari turli yoshdagi bolalar orasida juda mashhur bo'lib, ijodiy va dizayn qobiliyatlarini rivojlantirishga hissa qo'shadi.





