Ayrim insonlarning hayot yo‘li bilan tanishar ekansiz, ulardagi qobiliyat, kasbga mehri, vijdonan mehnati katta muvaffaqiyatlarga yetaklashini tushunasiz. Turkmanobod temir yo‘l kasb-hunar bilim yurti direktori Oltibay Qaryagdiyev ana shunday insonlardan biridir. Uning ko‘p yillik tajribasi, o‘z ishiga fidoyiligi yosh avlodga o‘rnak bo‘layotir.

Oltibay Qaryagdiyev umrining salmoqli qismini temir yo‘l sohasiga bag‘ishladi, turli korxonalarda rahbarlik lavozimlarida ishladi. Taxminan 39 yillik ish tajribasi davomida o‘z kasbining nozik jihatlarini puxta egallab, boy tajriba to‘pladi va tajribali mutaxassislardan biriga aylandi.

U rahbarlik qilayotgan ta’lim muassasasida bugungi kunda temir yo‘l sohasida talab katta bo‘lgan turli mutaxassisliklar bo‘yicha boshlang‘ich kasb-hunar ta’limi yo‘lga qo‘yilgan. Bu yerda teplovoz mashinistining yordamchilari, stansiya navbatchilari, temir yo‘l aloqasi va elektr ta’minoti qurilmalari elektromontyorlari, shuningdek, vagonlar nazorati va ta’mirchilari tayyorlanmoqda.

Bu kasblarning har biri temir yo‘l tarmog‘ining uzluksiz ishlashi uchun alohida ahamiyatga ega. Binobarin, ta’lim muassasasining muhim vazifalaridan biri o‘quvchilarga nazariy bilimlarni beribgina qolmay, balki ularda kasbiy mahorat, mas’uliyat hissi va mehnatga muhabbat tuyg‘ularini shakllantirishdan iborat.

Oltibay Karyagdiyevning ko‘p yillik tajribasi ta’lim muassasasi faoliyati, yosh mutaxassislarni tayyorlash va kasbiy an’analarni davom ettirishda katta ahamiyatga ega. “Ota hunari – o‘g‘ilga munosib meros” degan xalq hikmati avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan mehnat tajribasi, kasb-hunarga hurmat, ustozlik an’analarining qadr-qimmatini ochib beradi.