“Mustaqil, doimiy betaraf Turkmaniston – qanotli otlar vatani” yili Turkmanobodlik yosh sportchilarning ham muvaffaqiyatlari bilan ajralib turadi. Ulardan biri shahardagi 9-sonli sport maktabi o‘quvchisi Oylara Sulaymonova.
Oylara Sulaymonova bir yil davomida ushu va tay boks bo‘yicha respublika va xalqaro musobaqalarda qatnashib, turli yo‘nalishdagi mukofotlarni qo‘lga kiritdi.
Qirg‘iziston Respublikasida muay-tay bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro musobaqada oltin medalni qo‘lga kiritdi. Xitoy Xalq Respublikasida o‘tkazilgan yoshlar va o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida ham muvaffaqiyatli ishtirok etib, kumush medal sovrindori bo‘ldi.
Yosh sportchining ta’kidlashicha, erishilayotgan muvaffaqiyatlarda turkman sportini rivojlantirish, yoshlarning sport bilan shug‘ullanishi uchun sharoit yaratish, yuqori toifali sportchilarni shakllantirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ayni kunlarda Oylara Sulaymonova ustozi Ruslan Cho‘liev rahbarligida boshqa sportchilar bilan birgalikda bo‘lajak xalqaro musobaqalarga puxta hozirlik ko‘rmoqda.
Mamlakatimizda zamonaviy sport maktablari, stadion va o‘quv maydonchalarining barpo etilayotgani yosh sportchilarning mahoratini oshirishi, yangi sport yutuqlari sari intilishi uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.





